15-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2016-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Majlisda tegishli vazirliklar va idoralarning rahbarlari, soha ekspertlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi. Kun tartibidagi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari M. Mirzayev ma’ruza qildi.
Tadbirda aytilganidek, hisobot davrida YaIM o‘sishi 7,8 foizni tashkil etib, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi ham 6,7 foizga oshdi. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatining amalga oshirilishi o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmini 11,8 foizga va pudrat-qurilish ishlari hajmini 17,5 foizga oshirish imkonini berdi.
Yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlariga tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi, davlat budjetining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz profitsiti va inflyatsiya darajasining pastligini ifoda etgan makroiqtisodiy mutanosiblikni saqlash orqali erishilgan.
Muhokamalar davomida deputatlarning Davlat budjeti ijrosi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan bergan savollariga hukumat vakillari atroflicha javob berdi.
Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi A. Shodmonovning qo‘shimcha ma’ruzasi eshitildi.
Qayd etildiki, hisobot davrida joriy yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim vazifa va ustuvor yo‘nalishlari izchil amalga oshirilishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarning yuqori o‘sish sur’atlarini saqlash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash imkonini bergan. Davlat budjeti parlament tomonidan tasdiqlangan parametrlarga muvofiq ijro etilgan.
Davlat budjetining 2016-yilning birinchi yarim yilligidagi ijrosini har tomonlama muhokama qilish chog‘ida siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari nuqtai nazarlari va fikrlarini bayon qilib, budjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, budjet tashkilotlarida moliyaviy intizomga amal qilish, davlat organlarining Budjet kodeksiga rioya qilish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish yuzasidan tavsiyalarini berdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda, Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2016-yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini tasdiqlash haqida tegishli qaror qabul qildi.
Izoh (0)