8-sentabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risida qabul qilingan qarorga mutaxassislar fikr bildirishda davom etmoqda. O‘zA siyosatshunos K. Javakovaning bu boradagi fikrlarini taqdim etdi.
Mamlakatimizda chorak asrdan buyon huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati shakllanmoqda. Mamlaktimizning erkin va farovon kelajagini belgilab bergan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mustahkam huquqiy poydevordir. Demokratik jarayonlar esa har bir fuqaro, professional daxldorligi, jinsi, millati va boshqalardan qat’iy nazar, o‘z huquq va erkinliklariga, shu jumladan, tanlash huquqiga egaligini nazarda tutadi. Tanlash huquqi jahon hamjamiyati tan olgan xalqaro huquqiy me’yorlar bilan mustahkamlab qo‘yilgan.
2016-yil 8-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qo‘shma majlisida Senat Raisi yetarli tajriba va ko‘nikmalari yo‘qligi bois umum e’tirof etilgan tanlash huquqidan foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 96-moddasida ko‘zda tutilgan Prezident vazifalarini va vakolatlarini vaqtincha bajarishdan bosh tortdi. Mavjud qonunchilikda mansabdan voz kechish uchun taqiqlovchi me’yor ko‘zda tutilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, xususan, 81-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis ikkala palatasining qo‘shma majlislari o‘z vakolatlari doirasida har qanday qarorlar qabul qilishi mumkin. Shunday ekan, Senat Raisi Prezident vazifasini bajarishdan voz kechgani munosabati bilan Oliy Majlis palatalarining qarori bilan Prezident vazifasini vaqtincha bajarish mamlakat Bosh vaziri zimmasiga yuklandi. Bu qaror Konstitutsiya hamda mamlakatning boshqa qonunchilik aktlariga mos keladi. Oliy Majlis oliy vakillik organi hisoblanadi, u Konstitutsiyaning 10-moddasiga muvofiq xalq nomidan chiqish huquqiga ega.
Oliy Majlis qarori xalq irodasini ifodalab, hurmatga va ijroga munosibdir. Shunday ekan, bu masala bo‘yicha noxolis va spekulyativ talqinlar qonundan tashqaridir. Mazkur qaror O‘zbekiston xalqi manfaatlariga mos keladi, hokimiyat izchilligini, tinchlikni, barqarorlikni va mamlakatdagi xotirjamlikni ta’minlaydi hamda umumxalq Prezidentlik saylovlarining o‘tkazilishi kafolatiga aylanadi.
Izoh (0)