Apple vitse-prezidentlari Greg Josvyak, Den Richchio va Fil Shiller BuzzFeed’ga bergan intervyusida iPhone 7 dan nega 3,5 millimetrli konnektor olib tashlanganini tushuntirib berdi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Richchioning aytishicha, ushbu “havo bilan to‘ldirilgan tirqish” oxirgi bir necha yil mobaynida Apple innovatsiyalari yo‘lida to‘siq bo‘lib kelgan ekan.
“Audioulagich 100 yoshda. U bilan bog‘liq oxirgi katta innovatsiya 50 yil muqaddam amalga oshirilgan edi. Bilasizmi, bu nima edi? U biroz kichraytirilgan edi. Shundan buyon hech narsa o‘zgarmadi”, — dedi Josvyak.
“Bu dinozavr. Olg‘a intilish payti keldi”, — qo‘shimcha qildi u.
Richchioning ta’kidlashicha, ulagichdan qutulgan ishlanma mualliflari nihoyat yuqori hajmdagi akkumulyatordan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, suv o‘tkazmaslik texnikasi hamda Home tugmasi uchun Taptic Engine o‘rnatildi.