Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida 5–21-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida Rossiya terma jamoasi sharafini himoya qilgan 4 nafar chechenistonlik sportchi, shuningdek, Rossiya og‘ir atletika termasining diskvalifikatsiyasi tufayli Rioga bora olmagan ikki og‘ir atletikachiga Mercedes yo‘ltanlamaslari sovg‘a qilindi. Bu haqda Checheniston rahbari vazifasini bajaruvchi Ramzan Qodirov Instagram’dagi sahifasida e’lon qildi, deb xabar bermoqda “RBK”.
Yo‘ltanlamaslar sportchilarga Axmad Hoji Qodirov nomidagi hududiy jamoat fondi nomidan topshirildi. Olimpiyachilarga avtomobil kalitlarini Ramzan Qodirovning o‘zi shaxsan topshirdi.
Olimpiyachilarni sharaflash marosimi Grozniy shahridagi “Safiya” saroyida bo‘lib o‘tdi. Rio–2016 Olimpiadasida Chechenistondan Rossiya sharafini bokschi Adlan Abdurashidov, erkin va yunon-rum kurashchilari – Islam-Bek Albiyev, Anzor Boltukayev, Islam Magomedov himoya qilgandi. Rossiya termasining diskvalifikatsiyasi tufayli og‘ir atletikachilar Apti Auxadov va Adam Maligov Rioda ishtirok eta olmagan.
“Bizning yigitlar Olimpiadaga kuchli tayyorgarlik ko‘rdi, ammo ular shohsupaga chiqa olmadi. Shunday bo‘lsa-da, ular biz uchun g‘olib!”, – deya yozdi Qodirov.
Yuqorida ta’kidlangan 6 nafar sportchi, shuningdek, “Checheniston Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun” medali bilan ham taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, rossiyalik Rio–2016 sovrindorlarining har biriga BMW rusumidagi avtomobil hadya qilingandi.
Izoh (0)