Keniya milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Frensis Pol Nayrobida hibsga olindi. Bu haqda AFP agentligiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Keniyalik mutasaddi Rio–2016 Olimpiadasida mamlakat delegatsiyasining faoliyati yaxshi tashkillashtirilmagani yuzasidan surishtiruv ishi doirasida qo‘lga olindi.
Avvalroq Keniya hukumati Rio–2016 dagi tashkiliy muammolar tufayli mamlakat olimpiya qo‘mitasini tarqatib yuborishga qaror qilgandi.
Surishtiruv 18-avgust kuni boshlangan. Keniyalik sportchilarga yomon sharoitda yashashga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, akkreditatsiya va ust-bosh bilan muammolar bo‘ldi. Keniyalik sportchilarning ortga qaytishi uchun arzon chiptalar sotib olingani sababli ular Rioda bir muddat qolib ketishga majbur bo‘lgandi. Bundan tashqari, delegatsiya tarkibida vazifasi noaniq kishilar bo‘lgan, ular Rio-de-Janeyroda bir necha kunni o‘tkazishni istagani taxmin qilinmoqda.
Izoh (0)