Qozog‘iston dashtlarida arxeologlar Qadimgi Misr piramidalariga o‘xshash ko‘hna inshoot topdi. Maqbara 3 ming yil muqaddam bino etilgan edi, deb xabar beradi “National Geographic Rossiya”.
Obyektni Sari-Arqa arxeologiya institutining tarix fanlari nomzodi I. A. Kukushkin rahbarligidagi ekspeditsiyasi xodimlari ochdi. U haqda dastlab qarag‘andalik olim Viktor Novojyonov ma’lumot bergan edi.
Kechki bronza davrida (miloddan avvalgi XV–X asrlar) Qozog‘iston hududida Beg‘ozi-Dandiboyev arxeologik madaniyatini mavjud edi. Ushbu madaniyatni qoldirgan qavm aslzodalar uchun qoya toshlaridan baland aylana yoki to‘rtburchak maqbaralar qurar edi.
Mazkur madaniyat gullab-yashnagan hududlardan biri Qarag‘andaga yaqin joylashgan Sari-Arqa qishlog‘ining atrofi edi. Bu hududda arxeologik qazishma ishlari o‘tgan asrning o‘rtalaridan buyon olib borilmoqda.
Olimlar o‘rgangan yangi maqbara zinapoyasimon shakliga ko‘ra noyob hisoblanadi. Obyekt Qadimgi Misr ehromlariga o‘xshatilmoqda. Jumladan, mashhur Joser piramidasi xuddi shu tarzda zinapoyasimon shaklda qurilgan.
Olimlarning fikricha, maqbara 3 ming yil muqaddam mahalliy qabila boshlig‘i yoki nufuzli aslzoda uchun qurilgan. Ayni paytda qabr ochilib, u yerdagi buyumlar o‘rganilmoqda. Barcha topilmalar Qarag‘anda universiteti arxeologiya muzeyi ekspozitsiyasida namoyish etiladi.
Izoh (0)