KXDR TIV tarqatgan bayonotda Koreya yarim orolidagi vaziyat murakkablashib borayotgani munosabati bilan agarda AQSh “ahmoqona qadam” tashlasa, rasmiy Pxenyan uning Tinch okeani mintaqasidagi barcha bazalarini yo‘q qilishi aytildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Koreya yarim orolidagi vaziyat AQShning yadroviy qurollarni ko‘paytirish bo‘yicha KXDRga qarshi qaratilgan tinimsiz xatti-harakatlari tufayli o‘ta xavfli bosqichga ko‘chmoqda. Agarda AQSh, vaqt o‘tishini va bizning strategik maqomimizni ko‘rmay, ahmoqona qadam tashlasa, uning Tinch okeani operativ mintaqasidagi barcha bazalari, shu jumladan, Guam oroli armiyamizning har tomonlama va real hujumi tufayli yo‘q bo‘ladi”, — deyiladi bayonotda.
Shimoliy Koreya tashqi siyosiy idorasi avgust oyida AQSh Guam orolidagi “Anderson” bazasiga bir nechta B-1B va B-2B strategik bombardimonchilarini yo‘llaganini eslatib o‘tdi. KXDR TIV buni “tahlikali signal” sifatida baholadi.
Izoh (0)