Rossiyaning Tu-22M3 olis masofali bombardimonchilari Su-34 front bombardimonchi samolyotlari bilan birgalikda IShIDning Suriyadagi marralariga zarba berdi. Samolyotlar bir paytning o‘zida ham Eron, ham Rossiyadagi aerodromlardan uchib chiqdi, deb ma’lum qiladi “RBK”.
Rossiya mudofaa vazirligining bildirishicha, zarbalar Dayr az-Zavr viloyatida amalga oshirildi. Buning natijasi o‘laroq qurol-yarog‘, o‘q-dori va yoqilg‘i-moylash materiallari zaxiralari jamlangan beshta yirik omborxona yo‘q qilindi. Shuningdek, olti qo‘mondonlik punkti o‘qqa tutildi, ko‘plab jangarilar, artilleriya marralari va zirhli texnika birliklari yo‘q qilindi.
Xmeymim bazasida joylashgan Su-30SM va Su-35S samolyotlari bombardimonchilarni pana qilib bordi. Operatsiyani muvaffaqiyatli bajargan samolyotlar aerodromlarga qaytib keldi.
Eslatib o‘tamiz, bir muddat ilgari eronlik deputat Hashmatulloh Falohatpesha Eronda Rossiyaning Tu-22M3 samolyotlari joylashtirilishiga o‘z noroziligini bildirgan hamda Eron parlamenti spikeri Ali Larijoniy unga bu borada rasmiy javob qaytargan edi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)