Misr olimpiya qo‘mitasi Rio–2016 Olimpiada o‘yinlarida isroillik dzyudochi Or Sassonning qo‘lini siqishni rad etgan misrlik Islom Shexabini uyiga jo‘natib yubordi. Bu haqda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Meduza.
Mazkur hodisa 12-avgust kuni, +100 kilogramm vazn toifasida 1/32 finalda tatamiga chiqqan Sasson va Shexabi o‘rtasidagi bellashuvdan so‘ng yuz berdi. Uchrashuv isroillik dzyudochining g‘alabasi bilan yakunlandi. Bahs yakunlangach, misrlik dzyudoda qabul qilingan ta’zim o‘rniga boshini sekingina egib qo‘ydi. G‘olib Shexabining oldiga qo‘lini siqish uchun kelganida, u raqibini rad etib, tatamidan chiqib ketdi.
https://twitter.com/zaidbenjamin/status/764544196980113409
Voqea yuz bergan kunning ertasida Shexabi dzyudoda raqibning qo‘lini siqish majburiyati qabul qilinmaganini aytdi. “Qo‘l siqish do‘stlar orasida bo‘ladi, u esa menga do‘st emas”, – deya Islom Shexabining so‘zlaridan iqtibos keltiradi LʼEsprit du Judo nashri. Misrlik sportchi yahudiy yoki boshqa din vakillariga qarshi hech qanday xusumati yo‘qligini, ammo ushbu mamlakat vakilining, ayniqsa, butun jahon qarshisida qo‘lini siqa olmasligini ham aytib o‘tdi.
XOQ Shexabining bunday xatti-harakati Olimpiadaning qadriyatlari sifatida muhrlangan feyr-pley va do‘stlik ruhiyati prinsiplariga zid kelishini ma’lum qildi.
Rio–2016 o‘yinlarining dzyudo bo‘yicha musobaqalari 12-avgust kuni o‘z yakuniga yetgandi. Misrlik sportchi Olimpiadani aynan qachon tark etganiga aniqlik kiritilmagan.
Izoh (0)