Amerikalik Jeni Stepiyenni to‘yida marhum otasining yuragi ko‘chirib o‘tkazilgan erkak — Artur Tomas uni mehrobga olib bordi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
2006-yilda 53 yoshli Maykl Stepiyen restorandagi ishidan uyga qaytayotganda 16 yoshli o‘smir uni tunab ketadi va yuzaga kelgan mojaro davomida erkakning yuziga o‘q uzadi.
Stepiyen og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkaziladi. Uni qutqarishning iloji yo‘qligi aniq bo‘lgach, erkakning qarindoshlari uning organlarini donorlik dasturiga ehson qilishga qaror qiladi.
Jinoyatchiga nisbatan 40 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi, Stepiyenning yuragi esa Nyu-Jersida yashovchi Artur Tomasga ko‘chirib o‘tkazildi. Arturga hodisadan 16 yil avval ventrikulyar taxikardiya tashxisi qo‘yilgan edi.
Donorlik markazi donorning qarindoshlari va organni olgan kishilarga o‘zaro aloqa o‘rnatishga ruxsat berganligi tufayli Jeni va Artur elektron pochta va oddiy xatlar orqali faol muloqot qilib turgan.
2015-yilning oktabrida 33 yoshli Jeni 34 yoshli Pol Menner bilan unashtirildi va ayol otasi jismining bir qismiga ega bo‘lgan erkak uni mehrobga olib borishini istashini ma’lum qildi. Tomas uning iltimosini bajarishga rozi bo‘ldi.
Marosim 5-avgust kuni Siussveyl shahridagi cherkovda bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)