Joriy yilning 3-avgust kuni Ucell Plaza ofisida dastlabki donorlik xayriya aksiyasi — Ucell Blood Donor Day Korporativ donor kuni bo‘lib o‘tdi. Donor kunida kompaniyaning 66 nafar xodimi ishtirok etib, Respublika qon quyish markazi zaxiralarini 15 litrga boyitdi. Bu haqda Ucell kompaniyasining matbuot ofisi quyidagilarni xabar qiladi.
Ucell kompaniyasi xodimlari donorlar qoni ko‘p holatlarda hech narsa bilan almashtirib bo‘lmaydigan vosita ekanligini, ko‘p odamlar hayotini saqlab qolishini yaxshi tushunadi: u turli avariyalar, yong‘inlarda jarohatlangan, yurak operatsiyalari, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlar, qiyinchilik bilan farzand ko‘rgan ayollar va chaqaloqlar uchun juda zarur bo‘ladi. Davolovchi muassasalarda qon va uning tarkibiy qismlarga doimo ehtiyoj katta bo‘ladi.
“Donorlik aksiyasida ishtirok etish uchun o‘zida kuch va imkon topgan barcha xodimlarga kompaniyaning top menejmenti nomidan minnatdorlik bildiraman va shaxsan o‘zim tasanno aytaman. Ishtirokingiz natijalari kutganlarimizdan ham ancha ortiq bo‘ldi. Kompaniyaning ko‘pgina xodimlari uchun Donor kuni nafaqat korporativ madaniyat doirasidagi tadbir, balki shaxsiy e’tiqodi va fuqarolik burchiga sodiqligining ifodasiga aylandi. Men shunday olijanob va fidoyi insonlar jamoasida ishlash sharafiga muyassar bo‘lganimdan juda faxrlanaman”, — deb ta’kidladi Ucell kompaniyasining korporativ kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Rodika Verbenyuk.
Shu kuni bizning qahramonlarimiz ko‘kragiga taqilgan maxsus donor belgilari — Every Blood Donor is a Hero (“Har bir donor qahramondir”) olijanob yurak ramziga aylandi.
“Biz xohlovchilar shu qadar ko‘p bo‘lishini kutmagan edik, lekin konveyer kabi uzluksiz ishlab, barchasini uddaladik, deb hisoblayman! Takror aytaman, bu biz uchun donor kunini shunday yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha ilk tajribamizdir — donorlar va tadbir tashkilotchilari bizni shu qadar samimiy va do‘stona kutib olganlariga chinakam hayratda qoldik, — dedi Respublika qon quyish markazi qon olish bo‘yicha sayyor brigada mudirasi Zulfiya Ismailova. — Navbatda turganlarning keti uzilmaganiga qaramasdan, barchasi ijobiy o‘tdi. Deyarli barcha kelganlar o‘zlarini donor sifatida his eta oldi va xayrli maqsad uchun o‘z qonlarini berdi. Kechga tomon xohlovchilar hanuz kelayotganida bizda hattoki ularning barchasi uchun gemakonlar yetmadi va ikki marta omborimizga borib kelishimizga ham to‘g‘ri keldi. Butun jamoamiz nomidan sizlarga iliq qabul va olijanob harakatlaringiz uchun minnatdorlik bildiramiz!”.
Ucell kompaniyasi xodimasi Marianna Semenova quyidagi fikrlarini bayon qildi:
“Mening oilamda shunday vaziyat yuzaga kelganki, qon juda zarur bo‘lgan, lekin gemoglobinim past darajada bo‘lganligi sababli donor bo‘la olmadim. Bu safar esa yordam yaqinlarim uchun kerak bo‘lmasa-da, boshqa muhtoj odamlarga yordam berishim mumkin. Ushbu xayrli tadbirda jonim bilan qatnashdim. Chin yurakdan yordam berishni xohlaydigan odamlar soni shu qadar ko‘pligi meni lol qoldirdi: xodimlarning tashabbusi har qanday tahsinlarga loyiq. Bugun men Ucell jamoasi doimo va har qanday holatda yakdillik bilan yordamga kelishiga aminman. Barcha doimo sog‘-salomat bo‘lsin va bu kabi yordam hech qachon va hech kimga kerak bo‘lmasin”.
Reklama huquqi asosida. Xizmatlar litsenziyalangan.
Izoh (0)