Toshkent shahar hokimligida joriy yilning birinchi yarmida Mirzo Ulug‘bek tumanini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, mustaqillik bayramini munosib nishonlash, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, aholi bandligini ta’minlash, davlat dasturlarining ijrosi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Tuman hokimi Sh. Ahmedov mustaqillik bayramini munosib kutib olish maqsadida keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilayotganini, tumandagi turar joy binolari, ko‘chalar, yo‘l va yo‘laklarni ta’mirlash, yoritish tizimlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan ishlar bajarilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Tumanda 12 yirik korxona, 5 300 dan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida yirik korxonalar tomonidan 1,09 trillion so‘mdan ziyod sanoat, uch yuz milliard so‘mdan ortiq iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan o‘nta loyiha bo‘yicha 21,7 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, eksport salohiyatini oshirish dasturi doirasida 68,3 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va sanoat salohiyatini oshirish maqsadida 103 investitsiya loyihasi amalga oshirildi.
Tumandagi ikki akademik litsey, ikki kasb-hunar kolleji, to‘rt umumta’lim maktabi va uch maktabgacha ta’lim muassasasi mukammal ta’mirlanmoqda.
Kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mavjud xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga bugungi kunga qadar tijorat banklari tomonidan qariyb 10 milliard so‘mlik kredit mablag‘i ajratildi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob qaytarildi.
Izoh (0)