Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar Ligasining 3-raundiga bugun — 3-avgust kuni yakun yasaladi. Kecha — 2-avgust kuni navbatdagi bosqichga yo‘l olgan 5 ta klub nomi ma’lum bo‘ldi.
Musobaqada ishtirok etayotgan Gruziya, Ozarbayjon va Belarus chempionlari qit’aning eng nufuzli klublari turniridagi ishtirokiga yakun yasadi.
Tbilisining “Dinamo” klubi Xorvatiya chempioni bo‘lmish adashi — Zagrebning “Dinamo” klubidan safarda 0:2 hisobida yengilgandi. O‘z maydonida ham raqibiga imkoniyatni boy berdi — 0:1.
Ozarbayjon chempioni “Karabax” Chempionlar Ligasini biroz achinarli ko‘rinishda tark etdi. Ozar klubi har ikki o‘yinda ham Chexiyaning “Viktoriya” klubi bilan durang o‘ynadi — 0:0 hamda 1:1. Chex klubi safar o‘yinida gol urgani evaziga turnirdagi ishtirokini davom ettiradigan bo‘ldi.
Belarus chempioni “BATE” Irlandiya chempioni bo‘la olgan “Dandolk” maydonida hech narsa qila olmadi. Minsk shahrida 1:0 hisobida ustun kelgan “BATE”, irlandlar maydonida 0:3 hisobida tor-mor keltirildi.
2-avgust kuni Kiprning “APOEL” klubi qahramonlik ko‘rsatdi. Jamoa Norvegiyada “Rusenborg”dan 1:2 hisobida yengilgan bo‘lsa, Kiprda 3:0 hisobida zafar quchdi. Har uchala gol 90-daqiqadan keyin kiritildi — 91, 96 va 99.
Navbatdagi bosqichga yo‘l olgan so‘nggi jamoa Bolgariyaning “Ludogorets”i bo‘ldi. Bolgarlar Serbiya chempioni “Srvena Zvezda”ni turnirdan chiqarib yubordi.
Bugun — 3-avgust kuni MDH tasnifiga kiruvchi yana uch mamlakat jamoasi Chempionlar Ligasi doirasida maydonga tushadi.
O‘z maydonida Shotlandiya chempioni “Seltik” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan Qozog‘iston chempioni “Astana”, endi safar o‘yinida ishtirok etadi. Rostovda Belgiyaning “Anderlext” klubini mag‘lub eta olmagan Rossiya vitse-chempioni “Rostov”, safarda 2:2 hisobini to‘g‘irlash uchun urinadi. Ukrainaning ikkinchi jamoasi “Shaxtyor”ning Shveysariyadagi yumushi osonroq. Dastlabki o‘yinda “konchilar” “Yang Boyz”ni 2:0 hisobida mag‘lub etgandi.
Izoh (0)