AQShning Michigan shtati universiteti tadqiqotchilari politsiyaga qotillik qurbonining Samsung Galaxy S6 smartfonini ochishga yordam berdi. Uskuna qotillikni tergov qilishda muhim dalillar berishi mumkin, deb xabar bermoqda TJournal.
Politsiya olimlarga taqdim etgan barmoq izi nusxasining sifati juda pastligi bois u bilan smartfonni ochish imkoni bo‘lmadi. Shu bois ular barmoq izi tasviridagi barcha zaruriy bo‘shliqlarni to‘ldiruvchi algoritm yaratdi.
Zamonaviy smartfonlardagi barmoq izlari skanerlari nafaqat tasvirni skanerdan o‘tkazadi, balki terining elektr o‘tkazuvchanligini tekshiradi, shu bois barmoqning oddiy plastik nusxasini yaratishning o‘zi yetarli emas edi.
Dastlab tadqiqotchilar bu vazifani bajarish uchun 250 ming dollarga 3D-printer va 600 ming dollarga metallik chang to‘kuvchi maxsus apparat olishni rejalashtirgan edi.
Ammo 3D-printer sifati skanerni “aldash” uchun juda past bo‘lib chiqdi. Natijaga esa ancha arzonroq uslubda erishildi. Tadqiqotchilar barmoq izining ikki o‘lchamli nusxasini oddiy printer yordamida elektr o‘tkazuvchi qog‘ozga tushirib, uning yordamida smartfonni ochishga erishdi.
Samsung Galaxy S6 bir necha muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng raqamli kod so‘ramagani olimlarga qo‘l keldi — bunday kodning yo‘qligi bois ko‘plab urinishlarni istagancha amalga oshirish va oxirida natijaga erishish imkoniyati bo‘ldi.
Olimlarning aytishicha, ular ishlab chiqqan metod Samsung Galaxy S6 va Huawei Honor 7 da ishlaydi, ammo iPhone 5s va Meizu MX4 Pro’ga ta’sir qilmaydi.
Izoh (0)