Argentina terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan Edgardo Bausa yaqin orada “Barselona” hujumchisi Lionel Messi bilan uchrashmoqchi, deb xabar beradi “Chempionat”.
“Biz Messi bilan ham, uning oila a’zolari bilan ham aloqaga chiqmadik. Men Messi bilan uchrashib, u bilan suhbatlashmoqchiman. Uni hech narsaga ishontirish kerak emas, shunchaki futbol haqida gaplashish kerak. Futbolchi bo‘lganlar finaldagi mag‘lubiyatdan so‘ng umidsizlik nima ekanini biladi. Lionelga qanday ishlamoqchi ekanimizni aytib berish kerak. Messi maydonda nima qilish kerakligi va qanday qarorlar chiqarish haqida aniq tasavvurga ega”, – dedi Edgardo Bausa.Ma’lumot uchun, Edgardo Bausaning so‘nggi ish joyi Braziliyaning “San-Paulu” klubi bo‘lgan. 58 yoshli mutaxassisning qo‘li ostida Ekvadorning “LDU Kito” jamoasi 2008-yilda, Argentinaning “San-Lorenso” klubi 2014-yilda Libertadores Kubogini qo‘lga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Lionel Messi Chiliga qarshi (0:0, penaltilar bo‘yicha: 2:4) Amerika Kubogi–2016 finalida uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng terma jamoadagi faoliyatini yakunlagani haqida e’lon qilgandi.
Izoh (0)