NCD Risk Factor laboratoriyasi mutaxassislari turli davlatlar aholisining o‘rtacha bo‘yini o‘lchab, natijalarni 1914-yilgi ko‘rsatkichlar bilan qiyosladi. Aniqlanishicha, eng bo‘yi baland erkaklar Gollandiyada, eng bo‘yi baland ayollar esa Latviyada istiqomat qilar ekan, deb xabar bermoqda “MK.ru”.
Tadqiqot insonlarning o‘rtacha bo‘yi sekin-asta o‘sib borayotganini tasdiqladi. Bu ayniqsa Janubiy Koreya ayollari misolida aniqroq kuzatildi — 1914-yilda ularning o‘rtacha bo‘yi 142,2 santimetrni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 162,3 santimetrga tengdir. Erkaklar orasida o‘rtacha bo‘yning o‘sishi holati eronliklarda yaqqol kuzatildi — 1914-yilda 157,1 santimetrga teng bo‘lgan ushbu ko‘rsatkich bugungi kunda 173,6 santimetrni tashkil etmoqda.
1914-yilgi reytingda kuchli o‘nlikka kirgan davlatlar orasida faqat Daniya bugungi kunda o‘shanga yaqin pozitsiyalarni saqlab qoldi: daniyalik ayollar darozlik bo‘yicha o‘ninchi o‘rindan yettinchi o‘ringa, erkaklar esa to‘qqizinchi pog‘onadan to‘rtinchiga ko‘tarildi.
Gollandiya, Latviya, Daniyadan tashqari, o‘rtacha bo‘yning uzunligi bo‘yicha yuqori natijalarni Belgiya, Estoniya, Chexiya, Serbiya va Slovakiya qayd qildi. Eng bo‘yi past ayollar Gvatemala, Filippin, Bangladesh va Nepalda, eng bo‘yi past erkaklar Sharqiy Timor, Yaman, Laos va Madagaskarda istiqomat qilishi aniqlandi.
Izoh (0)