Londonning “Arsenal” klubi bosh murabbiyi Arsen Venger Angliyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi borasida o‘z fikrlarini bildirib, buning ingliz futboliga ta’siri haqida to‘xtalib o‘tdi. Suxbat “Championat.asia” saytida chop etildi.
“Angliyaning Yevroittifoqdan chiqishi meni bezovta qiladi. Bunda kelajak qanday bo‘lishini hech kim bilmaydi. Londondek katta shaharda yashayotganingda odamlarning ko‘pchiligi Brexit’ni yoqlab turgani menga yovvoyiroq bo‘lib ko‘zga tashlandi”, — deb fikr bildirgan Arsen Venger.
“Angliyaning Yevroittifoqdan chiqishi Premyer-Ligaga katta ta’sir qiladi. Natijada liga tomoshabopligi pasayishi mumkin. Bu esa translyatsiya uchun to‘lanayotgan pullarni kamaytiradi, klublarning rejasi o‘zgarib ketadi”.
“Yevropada nimalar ro‘y berayotganini Pekindagi odam ham bemalol bilib turgan davrda o‘zingni hech narsa ta’sir qilmaydigan qafasga solishing foydasiz. Hozir Angliya xorijiy investorlardan yiliga 24 milliard yevro oladi. Bu savdoning katta qismini qoplayotganini unutmaslik kerak”.
Arsen Venger FIFA va UEFA atrofidagi mojoralar yuzasidan ham o‘z fikrini bildirdi: “FIFA atrofidagi janjallardan hayratda qoldim. Bu uning obro‘sini kuchsizlantirdi, futboldagi birdamlikka putur yetkazdi”, — dedi fransiyalik mutaxassis.
“Masalaning faqat moliyaviy tomoni haqida qayg‘uradigan Super Liga tashkil qilish shart emas. Futbolda eng asosiysi uni rivojlantirish bo‘lishi kerak. Moliyaviy masala ikkinchi darajali demoqchi emasman, ammo u eng asosiysi ham emas. FIFA va UEFA bunga kafolat tashkilotlar”.
“Inglizlarga Yevropa Ittifoqi kerakligiga bitta misol keltiraman: Angliya Yevrokuboklardan 5 yilga chetlatilganidan keyin unga boshqa mamlakatlar bilan tenglashib olish qiyin kechgandi. Angliyaga Yevropa zarur, Yevropaga esa Angliya”, — deb fikrini yakunladi Arsen Venger.
Izoh (0)