Buyuk Britaniyaning Daily Mail gazetasi jurnalistlari Xalqaro olimpiya qo‘mitasining (XOQ) butun Rossiya terma jamoasini Rio–2016 Olimpiada o‘yinlaridan chetlashtirish qarori haqida xabar topdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Bugun, 24-iyul kuni Shveysariyaning Lozanna shahrida bo‘lib o‘tadigan XOQ Ijroqo‘mining yig‘ilishida Rossiya terma jamoasining Olimpiada o‘yinlaridagi taqdiri hal qilinadi. Butunjahon doping agentligi (WADA) o‘tkazgan surishtiruvdan so‘ng Rossiya termasini Rio–2016 o‘yinlaridan chetlashtirish tavsiya etilgani xabar qilinmoqda.
Gazetaning XOQdagi manbasiga tayanib qayd etishicha, doping butun sport olamiga hujum ekanini ko‘rsatish maqsadida Rio–2016 Olimpiadasiga yo‘llanma olgan barcha 387 rossiyalik sportchi chetlashtiriladi.
“Bu Rio Olimpiadasidan butunlay surgun qilinish deganidir. Ammo XOQ prezidenti Tomas Bax alohida sportchilarning huquqlari ko‘rib chiqilishini xohlayapti”, — deya aniqlik kiritdi Daily Mail nashri.
Nomi oshkor qilinmagan manbaning ta’kidlashicha, XOQdagi asosiy shaxslar Rossiya terma jamoasining 2018-yili Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiada o‘yinlaridan chetlashtirilishini istamoqda.
Izoh (0)