Jurnalist Pavel Sheremetning o‘ldirilishini taftish qiluvchi tezkor guruhga Ukraina milliy politsiyasi rahbari Xatiya Dekanoidze boshchilik qiladi. Tegishli ko‘rsatmani Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko huquq-tartibot organlari rahbarlari bilan suhbat chog‘ida berdi, deb xabar qilmoqda “Korrespondent.net”.
Shuningdek, davlat rahbari tergov ishi yuzasidan har kuni hisobot berib borishni topshirdi.
Poroshenko bosh prokuror Yuriy Lutsenko va xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Gritsakdan guruhga eng yaxshi mutaxassislarni yo‘llashni so‘radi.
“Birorta versiya ham istisno qilinmasin”, — dedi prezident.
Eslatib o‘tamiz, Kiyevda 20-iyul, chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan 7:45 da avtomobil portlashi oqibatida Pavel Sheremet halok bo‘ldi.
Ukraina IIV rahbari maslahatchisi Zoryan Shkiryak jurnalistning avtomobilida yasama portlovchi qurilma ishga tushganligini ma’lum qildi.
Izoh (0)