Turkiyaning Anqara shahrida qurollangan erkak mamlakatda harbiy to‘ntarishga urinishni amalga oshirmoqchi bo‘lgan hamda qo‘lga olingan generallar sud binosiga keltirilgan vaqtda o‘t ochdi. Bu haqda CNN Turk telekanaliga tayanib, “RBK” xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, o‘q uzgan erkak politsiyachilar tomonidan qurolsizlantirildi. Halok bo‘lgan yoki jabrlanganlar haqida ma’lumot kelmagan.
NTV telekanalining xabar berishicha, o‘t ochgan kishi harbiy bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, u sud binosi yaqinida joylashgan avtomobil ichidan o‘q uzgan. Hurriyet’ning ma’lum qilishicha, maxsus xizmat xodimlari uning yo‘lini to‘sib, hibsga olgan. NTV telekanali o‘t ochgan erkak huquq-tartibot xodimlari tomonidan o‘ldirilganini ta’kidlayotgan bo‘lsa, Reuters agentligi Turkiyadagi manbasiga tayanib, o‘q uzgan harbiy qo‘lga olinganini va qurbonlar bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Sud binosi yaqinida otishma boshlanishidan avval harbiy to‘ntarishga urinishni amalga oshirishda qo‘lga olingan 27 general va admiral, shu jumladan, Turkiya HHK sobiq qo‘mondoni Akin O‘zturk sud binosiga keltirilgandi. Avvalroq Reuters agentligi Akin O‘zturk mamlakatda harbiy to‘ntarishga uringan isyonchilar yetakchisi deb hisoblangani haqida ma’lum qilgandi.
Izoh (0)