Butunjahon boks kengashi (WBC) versiyasi bo‘yicha superog‘ir vazn toifasida jahon chempioni — amerikalik Deontey Uaylder o‘z titulini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
AQShning Alabama shtatidagi Birmingem shahrida bo‘lib o‘tgan 12 raundlik jangda Uaylder hamyurti Karis Arreolani 8-raundda texnik nokaut bilan mag‘lubiyatga uchratdi. Professional ringda 37-jangini olib borgan Deontey barchasida (36 tasi nokaut bilan) g‘alaba qozongan. U 2015-yilda qo‘lga kiritgan chempionlik unvonini to‘rtinchi marotaba himoya qildi.
Arreola esa uchinchi marta jahon chempioni bo‘lish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi. U professional ringda 42 ta jang o‘tkazib, 36 tasida (shulardan 31 tasida nokaut bilan) zafar quchgan. Shuningdek, uning hisobida 5 ta mag‘lubiyat va 1 ta durang bor.
Eslatib o‘tamiz, Uaylder 21-may kuni rossiyalik Aleksandr Povetkin bilan jang o‘tkazishi rejalashtirilgandi, biroq rossiyalik bokschining organizmida meldoniy qoldiqlari aniqlangani uchun jang noma’lum muddatga qoldirildi. WBC Povetkinga nisbatan tergov ishi davom etguniga qadar Deontey Ualderga o‘z titulini ixtiyoriy ravishda himoya qilish huquqini berdi.
Avvalroq rossiyalik bokschining “B” doping namunasida 72 nanogramm, “A” namunasida 70 nanogramm meldoniy borligi aniqlangan edi.
Izoh (0)