Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida “O‘quvchi-yoshlar bo‘sh vaqtlarining mazmunli tashkil etilishi” mavzusida media-tur tashkil etildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Tadbir davomida jurnalistlar yozgi dam olish maskanlariga qamrab olinmagan bolalarning yozgi ta’til davridagi bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ijrosi bilan tanishdi.
Media-tur ishtirokchilari dastlab tumandagi 72-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish maydonchasi hamda bu yerda tashkil qilingan ingliz tili, musiqa, “Yosh musavvirlar”, “Yosh kitobxonlar”, “Yosh dasturchi” to‘garaklari faoliyati, o‘tkazilayotgan sport musobaqalari (quvnoq startlar, voleybol, basketbol, stol tennisi) bilan yaqindan tanishdi.
Vazirlik tomonidan qabul qilingan kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida yozgi ta’til davrida 3 milliondan ortiq o‘quvchini madaniy tadbirlar va sport musobaqalariga qamrab olish imkoniyati yaratiladi.
Tadbir ishtirokchilari tuman axborot-resurs markazida tashkil etilgan kitobxonlik tadbirlarining ham guvohi bo‘ldi. Shundan so‘ng OAV vakillari tumandagi bolalar-o‘smirlar sport maktabiga tashrif buyurib, u yerdagi sport seksiyalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Joriy yilgi yozgi mavsumda bu yerda 800 nafarga yaqin yoshlar sportning boks, o‘zbek jang san’ati, yunon-rum kurashi, turon yakka kurashi, gimnastika, shaxmat-shashka, og‘ir atletika kabi 13 ta turi bo‘yicha muntazam shug‘ullanmoqda.
Shuningdek, jurnalistlar O‘rtachirchiq tuman “Barkamol avlod” bolalar markazida kompleks chora-tadbirlar asosida tashkil etilgan qiziqish bo‘yicha to‘garaklarni ham borib ko‘rdi. Media-tur doirasida jurnalistlar O‘rtachirchiq tumanidagi bolalar musiqa va san’at maktabida olib borilayotgan musiqa saboqlari faoliyati bilan tanishdi.
Tadbir yakunida OAV xodimlari uchun xalqaro va republika tanlov g‘oliblari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Izoh (0)