Dori-darmon vositalarining olib kirilishida tarkibida psixotrop moddalar bo‘lgan dori vositalariga alohida yondashiladi. Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanishi uchun psixotrop moddalarni davolash kursi doirasida olib kirish va olib chiqilishiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ruxsat beriladi. Ayrim fuqarolar me’yoriy hujjatlarda belgilangan talablarga rioya qilmasdan, bojxona nazoratidan yashirincha psixotrop moddalarni respublika hududiga olib kelishga urinmoqda, deya xabar berdi Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati “Daryo”ga.
Jumladan, Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan “Urganch aeroport” chegara bojxona posti orqali Moskva—Urganch yo‘nalishidagi aviareys bilan Rossiya Federatsiyasidan kirib kelayotgan fuqaro N. I. ning qo‘l yuklari skaner apparati yordamida bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd qilinmagan, bojxona nazoratidan yashirilgan jami 1203 dona “Fenazepam tabletki” yozuvli dori vositasini hech qanday hujjatlarsiz olib kirishga urinish holati aniqlandi.
Shuningdek, mazkur bojxona posti orqali Moskva—Urganch reysi bilan uchib kelgan A. G. ga tegishli qo‘l sumkalari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, bojxona nazoratidan yashirincha 5 konvalyutada jami 50 dona “Fenazepam tabletki” yozuvli psixotrop dori vositasini Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekiston Respublikasiga olib kelayotganligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda ushbu sohada 2016-yilning 1-yarim yilligi davomida 13 ta bojxona qoidabuzarligi aniqlanib, jami 1419 dona tabletka ko‘rinishidagi turli psixotrop dori vositasining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.
Izoh (0)