2015/16-yilgi mavsumni Germaniya Bundesligasining “Gannover” klubi safida o‘tkazgan o‘zbekistonlik futbolchi Valdemar Anton “Neuepresse.de” nashriga bergan intervyusida Rossiya terma jamoasidan taklif tushsa, yo‘q demasligini ma’lum qildi.
“Offsayd.uz” sayti Valdemar Anton bilan intervyuni chop etdi. Unda himoyachi qayerda tug‘ilganiga oydinlik kiritgan.“Tug‘ilgan joyim nima sababdan Engen deb ko‘rsatilganini bilmayman. Men O‘zbekistonda, Olmaliqda tug‘ilganman. Oilam o‘sha yerdan ko‘chib kelgan”, — deb ta’kidlagan Valdemar Anton. — “Bobom va buvim o‘zbekchada so‘zlashgan, ota-onam esa ruscha. Men ham ruscha gaplasha olaman”.
Shundan so‘ng jurnalist Rossiya terma jamoasidan taklif bo‘lib qolsa, Anton bunga qanday munosab bildirishiga qiziqdi: — “Men bu haqda o‘ylab ko‘rmaganman. Lekin taklif bo‘lsa, nima uchun yo‘q deyishim kerak?”
Valdemar Anton avvaliga hujumda to‘p surgani va Roy Makaayga muxlis bo‘lgani, himoyachi sifatida harakatlana boshlaganida esa Pikening hatti-harakatlari unga ma’qul bo‘lganini aytib o‘tgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasiga Valdemar Antonni jalb etish borasida harakatlar boshlangani ma’lum bo‘lsa-da, keyinchalik bu masala qanday yakun topgani borasida axborot berilmagan.
Izoh (0)