Dunyo doimiy ravishda o‘zgarib bormoqda, aholi soni o‘smoqda, yangi shaharlar qurilmoqda. Ushbu jarayonda ba’zan eski shaharlar bo‘shab qolishi yoki yangi boshlangan qurilishlar to‘xtab qolib, “o‘lik zona”lar paydo bo‘lishi mumkin. Travel Ask mana shunday qismatni boshidan kechirgan to‘rt shahar haqida hikoya qiladi.
Kangbashi
Xitoyning shimoliy qismida binokorlik ishlari avj pallasiga chiqqan paytda Kangbashi shahri qad ko‘tardi. Shahar 300 ming aholiga mo‘ljallab qurilganiga qaramay, u kelajakda megapolisga aylanishi kutilayotgandi.
Ammo moliyaviy inqiroz tufayli u amalga oshmagan investitsiya loyihasiga aylanib qoldi. Quruvchilar osmono‘par binolarni buzib, yerni sotish va shu yo‘l bilan xarajatlarning bir qismini qoplash bo‘yicha rejalar tuzib yuribdi.
Sesenya shahrining cheti
Ispaniyaning Sesenya shahri chetida milliarder Fransisko Ernando ulkan turar joy majmuasini bunyod etdi. Ko‘chmas mulkka talab yuqori bo‘lishiga umid qilgan milliarder 13,5 ming xonadondan iborat ulkan majmua yaratdi.
Uning loyihasi Yevropa xususiy qurilishlari orasida eng yirigi bo‘ldi. Hukumat ko‘chmas mulk xaridini to‘xtatganida Ernando 2 ming xonadonni kreditorlarga topshirdi. Tumanda ichimlik suvi, infrastruktura va yo‘llar bo‘lmagani bois hukumat xonadonlarni sotishga ruxsat bermadi. Bundan tashqari, milliarder pora olish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblandi. Shu tufayli tijoratchi qurilishni tashlab, Ekvatorial Gvineyaga qochib ketdi.Kijondon
Shimoliy Koreyada “propaganda qishlog‘i” nomini olgan Kijondon shahri joylashgan.
Kijondon qo‘shni Janubiy Koreyadan ko‘rinadigan yagona aholijoydir. Uylar nomigagina qad ko‘targan bo‘lib, ularning ichida xonalar yo‘q, chiroqlar esa aniq belgilangan vaqtda binoning muayyan qismlarida yonadi. Ba’zan bu yerda quruvchilarni, harbiylarni, derazalarni yuvishga kelgan ayollarni ko‘rish mumkin. Qishloq qurilishidan yagona maqsad — janubiy qo‘shnilarga Shimoliy Koreyaning “chiroyli” hayotini ko‘rsatishdir.Kilamba
Angola poytaxti Luandadan 30 kilometr narida Xitoyning Mol-mulkni boshqarish bo‘yicha xalqaro investitsion korporatsiyasi Kilamba shahri qurilishini boshlab yubordi. U yerda yarim million aholi yashashi ko‘zlangan edi. Bu yerda yuzdan ortiq savdo markazlari va bir necha o‘n maktablar qurib bitirildi.
Qurilish ishlari tugaganidan so‘ng korporatsiya faqat 220 xonadonni sotishga muvaffaq bo‘ldi. Buning sababi — Angola aholining juda oz qismi bu kabi yangi shaharlarda yangi xonadon sotib olishga qodir.
Izoh (0)