Misr hukumati 19-may kuni O‘rta Yer dengizida qulagan, EgyptAir aviakompaniyasiga tegishli A320 layneri yo‘lovchilari va ekipaji a’zolari halok bo‘lganini rasman tan oldi. Tegishli hujjat Misr bosh vaziri Sharif Ismoil tomonidan imzolandi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Shu paytga qadar, rasmiy shaxslarning joriy bayonotlariga qaramay, havo kemasi bortida bo‘lgan barcha kishilar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda edi.
23-iyun, payshanba kuni e’lon qilingan hukumat farmoni tegishli xizmatlar tilga olingan shaxslarning o‘limi haqida guvohnomalar hamda tovon pullari berishni boshlashiga imkon beradi. Har bir kishi uchun tovon puli 25 ming dollarni tashkil etishi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Parijdan Qohiraga MS804 reysini amalga oshirayotgan A320 samolyoti Qohira aeroportiga qo‘nishiga taxminan 35 daqiqa qolganda, endigina Misr havo hududiga kirganda radarlar ekranidan yo‘qolgan edi. Keyinroq uning bo‘laklari Gretsiyaning Karpatos orollaridan topildi.
Izoh (0)