Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin 21-iyun kuni davlat tashrifi bilan mamlakatga keldi. Ko‘ksaroy qarorgohida 22-iyun kuni XXR Raisini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Si Szinpin shohsupaga ko‘tarildi. O‘zbekiston va Xitoyning davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdi.
Islom Karimov va Si Szinpinning tor doiradagi suhbatida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Raisini mamlakatga tashrifi bilan qutlab, do‘st xitoy xalqiga samimiy hurmatini izhor etdi.
“Biz Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning ushbu davlat tashrifini izchil rivojlanib borayotgan O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi tarixida muhim bosqich, tomonlarning o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga qat’iy intilishi ifodasi, deb bilamiz. Bugungi kunda Xitoy ulkan iqtisodiy, innovatsion va intellektual salohiyatga ega davlat sifatida jahon iqtisodiyoti va siyosatida haqli ravishda yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. O‘zbekiston Xitoy bilan strategik sheriklik va o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan hamkorlikni yuksak baholaydi va qadrlaydi”, — dedi Islom Karimov.
XXR Raisi O‘zbekistonga navbatdagi tashrifidan mamnun ekanini bildirib, o‘zaro hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
“O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga hurmatim baland. 2013-yilda Samarqandni, kecha Buxoroni ko‘rib, o‘zbek xalqining yuksak salohiyatiga yana bir bor ishonch hosil qildim. Prezident Islom Karimov rahbarligida O‘zbekiston barqaror siyosiy va izchil iqtisodiy taraqqiyotga erishmoqda, xalqaro hamjamiyatdagi obro‘-e’tibori muttasil ortmoqda. O‘zbekiston bundan ham ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishiga ishonamiz, o‘zaro hamkorligimizni kengaytirishdan manfaatdormiz”, — dedi Si Szinpin.
O‘zbek va xitoy xalqlari azaldan o‘zaro savdo-sotiq qilgan, bir-birining madaniyatini boyitgan. Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, qurilish, ilm-fan, ta’lim, madaniyat kabi barcha sohalarni qamrab olgan. Bu aloqalar Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo‘shma deklaratsiya kabi qator hujjatlar asosida izchil taraqqiy etmoqda.
Islom Karimov va Si Szinpin muntazam uchrashib, mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va yanada kengaytirish borasida fikr almashib kelmoqda. XXR Raisi 2013-yil sentabr oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan. O‘zbekiston Prezidenti 2014-yil avgust oyida davlat tashrifi bilan Xitoyda bo‘ldi. Islom Karimov va Si Szinpin 2015-yil sentabrda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 70-yilligiga bag‘ishlab Pekinda o‘tgan tadbirlar doirasida ham uchrashdi.
Ikki davlatning xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha pozitsiya va yondashuvlari o‘xshash yoki yaqindir. Bu mamlakatlarning o‘zaro va ko‘p tomonlama aloqalarida muhim o‘rin tutmoqda. O‘zbekiston va Xitoy xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. BMT, ShHT singari xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik kengayib bormoqda.
Muzokarada siyosiy muloqotlarni izchil davom ettirish, savdo, sanoat, iqtisodiyot, energetika, fan-ta’lim, madaniyat kabi sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi. Mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, xalqaro tahdid va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirdi. Unda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, texnikaviy, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro savdo aylanmasi hajmini oshirishga oid masalalar muhokama qilindi.
Mamlakatlar o‘rtasida savdo-sotiq sohasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasida hukumatlararo majlislar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. 2011-yilda ta’sis etilgan O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muttasil o‘sib bormoqda. 2016-yilning dastlabki to‘rt oyida tovar ayirboshlash hajmi 1,4 milliard dollarni tashkil etgan. Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilgan investitsiyalari va kreditlari hajmi 6,5 milliard dollardan oshgan. Mamlakatda Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan 650 dan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zaro hamkorlikda qator yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. 2013-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston – Xitoy yuqori texnologiyalar sanoat parki — “Jizzax” maxsus industrial zonasi buning yorqin namunasidir. Sirdaryo viloyatida filiali bo‘lgan ushbu industrial zonada mobil telefonlar, tikuv mashinalari, qurilish materiallari, quyosh kollektorlari va boshqa xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Xitoyning “PoliTeknoloji” kompaniyasi bilan hamkorlikda Angrenda avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun shinalar hamda konveyyer lentasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurining to‘rtta tarmog‘i ham O‘zbekiston orqali o‘tishi yoqilg‘i-energetika sohasidagi ulkan salohiyat va o‘zaro manfaatdorlikdan dalolat beradi. Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) O‘zbekistondagi uglevodorod konlarini qidirish va qazish ishlarida faol ishtirok etmoqda. Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash bo‘yicha hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Xitoy biznes subyektlari Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi va Qo‘ng‘irot soda zavodi qurilishida ishtirok etgan. Huawei kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakat telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 20 loyiha amalga oshirilgan. Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki kreditlari evaziga sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, transport va boshqa sohalarda 40 dan ziyod loyiha bajarilgan.
Transport sohasidagi hamkorlik ham kengayib bormoqda. Xitoydan Yevropa davlatlariga mahsulot tashish O‘zbekiston hududi orqali amalga oshirilmoqda. Birgina “Navoiy” intermodal logistika markazi orqali 2015-yili 1,8 ming tonna yuk tashilgan.
Mamlakatlar o‘rtasida madaniyat, fan, ta’lim, turizm sohalaridagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. “O‘zbekiston – Xitoy” hamda “Xitoy Xalq Respublikasi – Markaziy Osiyo mamlakatlari” do‘stlik jamiyatlari bu boradagi aloqalarni mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Fan-texnika muassasalari o‘rtasida ilmiy hamkorlik, oliy o‘quv yurtlari orasida talabalar almashuvi kengaymoqda. Xitoyda o‘zbek tili, O‘zbekistonda xitoy tili o‘rgatilmoqda. Toshkent va Samarqandda Konfutsiy instituti tashkil etilgan. Xitoy millatlar markaziy universiteti va Pekin xorijiy tillar universitetida o‘zbek tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Shanxay universiteti huzuridagi ShHT Jamoat diplomatiyasi ilmiy tadqiqot instituti negizida O‘zbekiston tadqiqotlari va ta’lim almashuvlari markazi ochilgan.
Ikki mamlakatda o‘zaro madaniy muloqotni mustahkamlashga qaratilgan kino kunlari, badiiy ko‘rgazmalar, festivallar o‘tkazilmoqda. Xitoylik san’atkorlar “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida muntazam qatnashib kelmoqda. 2015-yilgi festivalda bosh sovrin — Gran-prini Xitoyning Jiangsu Women’s Orchestra guruhi qo‘lga kiritdi.
Toshkent va Shanxay, Samarqand va Sian, Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi o‘rtasida birodarlik munosabatlari o‘rnatilgani natijasida ikki mamlakat hududlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari rivojlanmoqda.
Ko‘ksaroy qarorgohidagi muzokaralar yakunida Islom Karimov va Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining qo‘shma bayonotini imzoladi. Unda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish maqsadi belgilangan.
Shuningdek, ikki davlat hukumatlari va idoralari o‘rtasida texnikaviy-iqtisodiy, investitsiyaviy, savdo va neft-gaz sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, intellektual mulk huquqini muhofaza qilishga oid va boshqa hujjatlar imzolandi.
Ikki davlat rahbarlari ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar o‘zaro ishonch va ishchanlik ruhida o‘tganini ta’kidladi. Muhokama qilingan barcha masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiya va qarashlari bir xil yoki o‘xshash ekani qayd etildi. Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasining ShHTga raisligi davrida amalga oshirilgan ishlarga yuksak baho berdi.
Kunning ikkinchi yarmida Islom Karimov va Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi. Xitoy Raisi va O‘zbekiston Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari oldida nutq so‘zladi.
Davlat rahbarlari Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmon O‘zbekistonning hurriyati, porloq istiqboli va ezgu niyatlari ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Si Szinpin Mustaqillik maydonining me’moriy yechimi, chuqur mazmun-mohiyatiga yuqori baho berdi.
Izoh (0)