Portugaliyaning Correio da Manhã gazetasi mamlakat terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu va Portugaliya futbol federatsiyasidan nashr muxbirining otib yuborilgan mikrofoni yuzasidan uzr so‘rashni talab qildi, deb xabar bermoqda “Sports.ru”.
Nashr muxbiri terma jamoa futbolchilari sayr qilib yurganida Ronalduning oldiga kelib, “Vengriyaga qarshi o‘yinga tayyormisiz?” deb savol berdi. Ronaldu esa uning qo‘lidan mikrofonni tortib olib, ko‘lga uloqtirib yubordi.
“Ronaldu butun mamlakatni obro‘sizlantiradigan o‘ta jiddiy xatti-harakatni amalga oshirdi. Biz Ronaldu va mamlakat federatsiyasi rasmiy ravishda uzr so‘rashiga haqlimiz. Terma jamoa sardori barchaga ijobiy jihatdan namuna bo‘lishi kerak, aksincha emas”, – dedi Correio da Manhã TV’ning jamoat aloqalari bo‘yicha direktori Karlush Rodrigesh.
Ronaldu bir necha bor Correio da Manhã TV’ni uning shaxsiy va oilaviy hayotiga oid yolg‘on ma’lumotlar tarqatganlikda ayblagan. Shu sababli, 31 yoshli futbolchi Correio da Manhã muxbirlari savollariga hech qachon javob bermaslikka qaror qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Vengriya va Portugaliya o‘rtasidagi uchrashuv 3:3 hisobidagi jangovar durang bilan yakunlandi. Ronalduning ushbu o‘yindagi 2 ta goli va 1 ta golli uzatmasi terma jamoasining nimchorak finalga yo‘l olishiga yordam berdi.
Izoh (0)