O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin 21-iyun kuni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Ikki mamlakat davlat bayroqlari bilan bezatilgan Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kutib oldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qisqa muloqotdan so‘ng Xitoy delegatsiyasi Ko‘ksaroy majmuida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi davlat tashrifining asosiy tadbirlari 22-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Ilgariroq xabar qilinganidek, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifini Buxoro shahrini ziyorat qilishdan boshladi.
Buxoro O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan qadimiy va muqaddas shaharlaridan. Buxoroi sharif buyuk allomalari, betakror tarixiy obidalari bilan O‘zbekistonni butun dunyoga tanitgan. Dunyo ahli, jumladan, xitoyliklar Toshkent, Samarqand, Xiva, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlar qatori Buxoroning ham jahonga mashhur me’moriy yodgorliklari bilan tanishishga oshiqadi.
O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida madaniyat, san’at, fan va ta’lim yo‘nalishlarida yaqin hamkorlik o‘rnatilgan. Toshkent va Samarqandda Konfutsiy institutining tashkil etilgani, Xitoy millatlar markaziy universitetida o‘zbek tili bo‘limi faoliyat yuritayotgani, Pekin xorijiy tillar universitetida o‘zbek tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi hamkorlik izchil rivojlanayotganidan hamda O‘zbekistonda xitoy tili va adabiyotiga, Xitoyda o‘zbek tili, madaniyati, urf-odatlariga qiziqish tobora ortib borayotganidan dalolatdir.
Ikki mamlakatning madaniyat va san’at namoyandalari O‘zbekiston va Xitoyda o‘tkazilayotgan turli ko‘rgazma va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston bilan Xitoyning turizm sohasidagi hamkorligi ham izchil rivojlanib bormoqda. O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati Xitoy xalqaro turizm yarmarkalarida muntazam namoyish etib kelinmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Ark qal’asini borib ko‘rdi. Oliy martabali mehmonga ushbu obidaning tarixi, O‘zbekistonda qadimiy shaharsozlik, ilm-fan va hunarmandlik rivoji haqida ma’lumot berildi. Si Szinpin bu muhtasham obida o‘zbek xalqining bunyodkorlik salohiyati, ilm-fan va madaniyat rivojiga e’tiborining yorqin namunasi ekanini ta’kidladi.
Oliy martabali mehmon Somoniylar maqbarasini ziyorat qildi. Bu yodgorlik o‘z me’moriy yechimiga ko‘ra betakror obidadir. Nafis me’morlik san’atining yuksak namunasi bo‘lgan bu inshoot o‘ta aniq simmetrik o‘lchamlar, g‘oyat murakkab geometrik hisob-kitoblar asosida bunyod etilgan. XXR Raisi ushbu inshoot bilan tanishar ekan, ana shunday mo‘jizakor maqbarani barpo etgan ajdodlar dahosiga yuksak baho berdi.
Xitoy rahbari Poyi Kalon majmuida bo‘ldi. Istiqlol yillarida Prezident Islom Karimov rahnamoligida milliy madaniy va ma’naviy qadriyatlarni, tarixiy obidalarni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Davlat rahbari tashabbusi bilan 1997-yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan mazkur majmua tubdan ta’mirlandi. Masjidi Kalon, Minorai Kalon va Mir Arab madrasasidan iborat bu me’moriy ansambl oliy martabali mehmonda katta taassurot qoldirdi.
Si Szinpin Buxoro ipak gilamlari ko‘rgazmalar zalida qo‘li gul hunarmandlar to‘qigan noyob buyumlarni ko‘zdan kechirdi.
Oliy martabali mehmon qadimiy va navqiron Buxoro shahrini ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lganidan mamnunligini bildirdi. Buxoroning tarixiy obidalari o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, mumtoz me’morlik san’atining yuksak namunasi ekanini e’tirof etib, istiqlol yillarida amalga oshirilgan betimsol bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga yuqori baho berdi.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning O‘zbekistonnga davlat tashrifi davom etmoqda.
Izoh (0)