Yevro—2016 “A” guruhi 3-turi doirasidagi Fransiya va Shveysariya o‘yinida muxlislar bitta ham gol ko‘rmadi. Buning evaziga ular Shveysariya termasidan 5 ta futbolchining futbolkasi yirtilib ketganiga guvoh bo‘ldi.
Shveysariya terma jamoasi liboslari Puma kompaniyasi tomonidan tayyorlangandi. Fransiyaga qarshi bellashuvda harakat qilgan futbolchilardan 5 tasi formasini yirtib oldi. Shulardan 4 tasi zaxirada turgan yangi libosga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
Fransiya va Shveysariya termalari o‘yinida, shuningdek, Yevro—2016 ning rasmiy to‘pi — Adidas tomonidan tayyorlangan to‘p ham yorilib ketdi. “Beau Jeu” deb nomlangan va fransuz tilidan tarjima qilinganda “chiroyli o‘yin” ma’nosini beruvchi to‘p bunga qadar bu holga tushmagandi.
Qayd etish kerak, “Real” bosh murabbiy Zinedin Zidan Yevro—2016 uchun maxsus ishlab chiqilgan to‘pni o‘z Instagram sahifasida namoyish qilgandi.
Ma’lumot uchun, Puma va Adidas kompaniyalarining asoschilari tug‘ishgan aka-ukalar hisoblanadi. Avvaliga aka-ukalar birga faoliyat olib borgan. 1948-yilga kelib ular ajralib ketib, Adolf Dassler Adidas kompaniyasiga, uning akasi Rudolf Dassler esa Puma’ga asos solgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)