Xalqaro tergovchilar guruhining MH-17 reysi halokati yuzasidan hisoboti Niderlandiya prokuraturasi saytida chop etildi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Bir hafta muqaddam hisobot aviahalokat qurbonlarining qarindoshlariga yo‘llangan edi. Hujjatda mutaxassislar ish olib borgan tadqiqot yo‘nalishlari aks ettirildi.
Xususan, Gollandiyaning Gilze-Reyen aviabazasida halokatga uchragan Boeing’ning fyuzelyaji bo‘lakma-bo‘lak to‘planayotgani, shu orqali fojia sabablari aniqlashtirishi xabar qilinmoqda. Shuningdek, samolyotni urib tushirgani taxmin qilinayotgan raketa bo‘laklari ham jipslashtirilmoqda.
Hujjatda ta’kidlanishicha, tergov guruhi o‘tgan yil yozida voqea joyida bo‘lib, tuproq namunalarini to‘plagan va shu asosda raketa qayerdan uchirilganini aniqlashtirmoqda. Kimyoviy tahlil natijalari bu namunalar ashyoviy dalil sifatida o‘tish-o‘tmasligini hal etadi.
Bundan tashqari, tergovchilar Donbassning bir qator joylarida telefon tarmog‘i va uyali aloqa minoralari texnik tahlildan o‘tkazgani xabar qilinmoqda. Ammo Luganskda ular bunday ishlarni olib borishga ruxsat olib bo‘lmadi.
Ekspertlar “Buk” raketasining namunasini olib, uni qismlarga bo‘lib o‘rganmoqda. Hisobotda, shuningdek, samolyot qulagan joyda topilgan, taxminan “Buk”ning reaktiv naychasi bo‘lgan detal rasmi keltiriladi.
Tergovchilar hujjat so‘ngida samolyot qanday qurol yordamida urib tushirilganini va uni kim ishlatganini oydinlashtirish talab etilishini qayd qilib o‘tdi.