Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Aqto‘be shahridagi vaziyatni “nazoratida ushlab turibdi”. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Karim Masimov ma’lum qildi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
“Davlat rahbari bu masalani nazoratida ushlab turibdi. Kuch tizimlari operatsiyani oxiriga yetkazishi zarur. Barcha davlat idoralari tegishli choralarni ko‘rishi zarur, keyinchalik shunga qarab xulosa chiqaramiz. Qayerdadir yo‘l qo‘ygan xatolarimiz borligi ko‘rinib qoldi, demak, butun boshli chora-tadbirlar majmuini qabul qilishimiz talab etiladi. Men davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra bu masalani o‘zimning shaxsiy nazoratimga olaman”, — ta’kidladi bosh vazir 6-iyun, dushanba kuni Ostonadagi hukumat majlisida.
Qozog‘iston IIV ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Aktyubinsk viloyatida jinoyatchilarni qidirish va qo‘lga olish bo‘yicha harakatlar davom etmoqda. Mamlakat ichki ishlar idoralarining shaxsiy tarkibi kuchaytirilgan xizmat tartibiga o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Aqto‘be shahrida 6-iyun, dushanbaga o‘tar kechasi amalga oshirilgan aksilterror operatsiyasi davomida besh nafar ekstremist yo‘q qilingani, yana ikki nafari qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.