Fransiya temiryo‘llari milliy jamiyati (SNCF) ishchilarining mamlakat markaziy mintaqalaridagi toshqinlar sharoitida ish tashlash o‘tkazayotgani “taajjub uyg‘otmoqda”. Bu haqda bosh vazir Manuel Vals Esson departamentidagi suv ostida qolgan shaharlardan biriga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
Bosh vazirga ko‘ra, ish tashlash o‘tkazayotganlar harakatlarini to‘xtatib, mahalliy aholi bilan birdamlikni namoyish etishi, shahar atrofi elektr poyezdlari me’yorda faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashi lozim. “Barchani mas’uliyatni his etish, ish tashlashni imkon boricha tezroq to‘xtatishga chaqiraman. SNCF rahbariyati bilan bahsga kirishamiz, rahbariyat va kasaba uyushmalari ham muloqotda bo‘ladi. Jala va toshqinlardan aziyat chekayotgan Markaz yoki Il-de-Frans yo‘lovchilarini jazolash mutlaqo o‘rinsiz”, — deya ta’kidlagan Vals.
Ish sharoitlari yaxshilanishini talab qilayotgan fransuz temiryo‘llari xodimlari ish tashlashi 31-may kuni boshlandi. Bu tufayli o‘tgan hafta davomida shahar atrofi, mintaqalararo va tezkor poyezdlarning ko‘plab yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatish to‘xtatildi. SNCF va kasaba uyushmalari bilan muzokaralar esa bir necha oydan beri davom etmoqda.