Qochqinlar safidan chiqqan o‘n nafar sportchi Rio-de-Janeyroda o‘tadigan 2016-yilgi Yozgi Olimpiadada Xalqaro olimpiya qo‘mitasi bayrog‘i ostida ishtirok etadi. Bu haqda, tashkilot prezidenti Tomas Baxning bayonotiga asoslanib, “Interfaks” xabar bermoqda.
“Bu qochqinlarning uyi ham, jamoasi ham, bayrog‘i ham, milliy madhiyasi ham yo‘q. Biz ularga Olimpiya qishlog‘idan, boshqa sportchilar yonidan uy taklif qilamiz. Olimpiya madhiyasi ularning madhiyasiga, Olimpiya bayrog‘i ularning bayrog‘iga aylanadi. Bu jamoa dunyodagi barcha qochqinlar uchun umid ramziga aylanadi va barchamizni muammoning ko‘lami haqida o‘ylab ko‘rishga majbur etadi”, — dedi Bax qo‘mitaning shtab-kvartirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Boshqa barcha jamoalarda bo‘lganidek, qochqin sportchilar jamoasi ham texnik ta’minot shtatiga, shu jumladan, besh murabbiy va besh rasmiy vakilga ega bo‘ladi.
Jamoa tarkibi quyidagicha:
Rami Anis (Suriya) — suzish;
Yex Pur Bil (Janubiy Sudan) — yengil atletika, 800 metrga yugurish;
Jeyms Nyang Chiyenjek (Janubiy Sudan) — yengil atletika, 400 metrga yugurish;
Yonas Kinge (Efiopiya) — yengil atletika, marafon;
Anjelina Nada Loxalit (Janubiy Sudan) — yengil atletika, 1500 metrga yugurish;
Roza Natike Lokonyen (Janubiy Sudan) — yengil atletika, 800 metrga yugurish;
Paulo Amotun Lokoro (Janubiy Sudan) — yengil atletika, 1500 metrga yugurish;
Iolanda Bukasa Modika (Kongo Demokratik Respublikasi) — dzyudo, 70 kilogrammgacha vazn toifasi;
Yusra Mardiniy (Suriya) — suzish;
Popole Misenga (Kongo Demokratik Respublikasi) — dzyudo 90 kilogrammgacha vazn toifasi.
Terma jamoa rahbari — mashhur keniyalik sprinter ayol, uchta Olimpiada ishtirokchisi Tegla Lorupe. Jamoa “Olimpiya birdamligi” jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi.
Izoh (0)