Michigan universiteti tadqiqotchilari emlashning samaradorligini Google’dagi so‘rovlar vositasida isbotladi. Mutaxassislarning aniqlashicha, hukumat bolalarni suvchechakka qarshi emlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rayotgan davlatlarda Google orqali ushbu xastalik haqida ma’lumotga so‘rov berish hollari ancha kamayishi kuzatilmoqda. Tadqiqot natijalari Proceedings of the National Academy of Sciences nashrida berildi, deb yozadi “Korrespondent.net”.
Olimlarning fikricha, ushbu fakt emlash natijasida bolalar orasida xastalikka chalinish holatlari kamayishidan dalolat beradi.
Tadqiqot doirasida universitet xodimlari Google Trends dasturi orqali olingan ma’lumotlarni tahlildan o‘tkazdi. Bu dastur odamlar muayyan so‘zlar ishtirokida qancha so‘rov berishini o‘rganishda yordam beradi.
Olimlar 36 mamlakat bo‘yicha 11 yillik ma’lumotlarni o‘rganib, Tailand, Estoniya va Meksikada infeksiya yuzasidan eng ko‘p axborot berilganini aniqladi. Bu mamlakatlardagi veb-so‘rovlar miqdori xastalikning tarqalish darajasiga muvofiq keldi.
Shu bilan birga, hukumat suvchechakka qarshi kurashish choralarini ko‘rayotgan mamlakatlarda so‘rovlar qisqarib ketishi ma’lum bo‘ldi. Buning yorqin misoli sifatida tadqiqotda Germaniya tilga olindi.
Izoh (0)