Farg‘ona shahrida oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan “Universiada – 2016” sport o‘yinlarining final bosqichiga tayyorgarlik va tadbir jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida yoritish masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbirda madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari M. Aliyev, musobaqalarni o‘tkazuvchi shtab boshlig‘i Sh. Sharipov va boshqalar ushbu musobaqaga ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, viloyatda musobaqaga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Jumladan, Farg‘ona, Ma’rifat, Murabbiylar kabi markaziy ko‘chalar tubdan ta’mirlanib, qariyb 5 kilometrlik yo‘l rekonstruksiya qilindi. Bellashuvlar o‘tkaziladigan 29 obyektda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Sport zallari jahon andozalari darajasida jihozlanmoqda.
Farg‘ona davlat universiteti, Farg‘ona politexnika instituti va boshqa sport maskanlari ishtirokchilar uchun shay holatda. “Universiada – 2016” finali qatnashchilarining yashashi, ovqatlanishi va mazmunli dam olishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Universiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni va musobaqalar davomida uni yoritib boradigan matbuot markazi va veb-sayt guruhi tashkil etilgan. Universiadaga tayyorgarlik, uning ishtirokchilari, musobaqalar o‘tadigan manzillar va boshqa ma’lumotlar bilan “Universiada-2016.uz” veb-sayt orqali tanishish mumkin. Musobaqa kundaligi va natijalari 4 xorijiy tilda butun dunyoga tarqatib boriladi.
Joriy yilda ushbu sport bayrami yettinchi bor o‘tkazilmoqda. Final bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan 14 terma jamoa voleybol, qo‘l to‘pi, futbol, yengil atletika, suzish, shaxmat, og‘ir atletika, dzyudo, basketbol, yunon-rum kurashi, erkin kurash, boks, taekvondo, tennis, stol tennisi bo‘yicha o‘zaro bahs olib boradi.
Izoh (0)