“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan “Salomatlik poyezdi” Qashqadaryo viloyati aholisini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Xayriya aksiyasi chekka va ekologik noqulay hududlardagi tumanlar aholisi, xususan, bolalar, xotin-qizlar, ko‘p bolali oilalar va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini zamonaviy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga qaratilgan.
“Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati va boshqa tashkilotlar ko‘magida tashkil etilgan tibbiy-ijtimoiy aksiya doirasida davolash-profilaktika muassasalari va kam ta’minlangan oilalarga 300 dan ortiq turdagi dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari, tibbiy anjomlar beriladi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Qashqadaryo viloyati hududiy filiali direktori Gulnora Sharipovaning so‘zlariga qaraganda, malakali shifokorlar va ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi mutaxassislari tomonidan tibbiy ko‘rik va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Aksiya doirasida Dehqonobod tumani markazi va Oqrabot qishlog‘ida 900 ga yaqin kishi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Tadbir doirasida ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholi va nogironlarga, tibbiy-ijtimoiy muassasalarga qiymati 1 milliard 317 million 376 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, nogironlik aravachalari, kiyim-kechak, dori-darmon, tibbiyot anjomlari, sanitariya-gigiyena vositalari, o‘quv qurollaridan iborat muruvvat yordami ko‘rsatiladi.
Aprel oyida “Salomatlik poyezdi” Qoraqalpog‘iston Respublikasiga borgan edi.
Izoh (0)