2015/16-yilgi mavsum yakunida Ukrainaning “Shaxtyor” klubini tark etgan ruminiyalik murabbiy Mircha Luchesku Sankt-Peterburgning “Zenit” jamoasi bilan “2+1” sxemasida shartnoma imzoladi. Bu haqda mutaxassisning agenti Arkadiy Zaporojan “TASS” agentligiga ma’lum qildi.
“Shartnoma kechasi ‘2+1’ sxemasida imzolandi, ammo uni to‘laqonli 3 yillik kelishuv desa ham bo‘ladi. Kelishuv shartiga ko‘ra, agar bitimning ikkinchi yili yakuniga yetib, tomonlar shartnomani bekor qilish borasida bir-biriga xat shaklida ogohlantirish bermasa, uchinchi yil o‘z-o‘zidan kuchga kiradi”, – dedi Lucheskuning agenti.
70 yoshli mutaxassis oldiga qo‘yilgan vazifa haqidagi savolga Arkadiy Zaporojan “‘Zenit’ni Yevropaning eng kuchli o‘n klubi qatoriga olib chiqish” deya javob qaytardi.
Ma’lumot uchun, Mircha Luchesku 2004–2016-yillar davomida Donetskning “Shaxtyor” klubini boshqarib kelgandi. Uning qo‘li ostida jamoa 8 karra Ukraina chempioni, 6 martadan mamlakat Kubogi va Superkubogi sohibi bo‘lgan. 2009-yilda “Shaxtyor” UEFA Kubogini qo‘lga kiritgan. Ruminiyalik mutaxassis “Shaxtyor” bilan shartnomasini uzaytirmasligi 21-may kuni e’lon qilingandi.
Izoh (0)