Agarda Yevropa Ittifoqi ikki xil standartlar siyosatini yuritishda davom etsa, Turkiya u bilan kelishuvlarni to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Bu haqda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning yordamchisi Yigit Bulut bayonot berdi, deb yozmoqda “Kommersant”.
Turkiya bosh vaziri Ahmed Davuto‘g‘lining iste’fosi Anqaraning Bryussel bilan migratsion inqirozni bartaraf etish bo‘yicha kelishuvini shubha ostiga qo‘ydi. YeI, agarda Turkiya suriyalik qochqinlarni qabul qilish majburiyatini bajarishdan bosh tortsa, tegishlicha harakat qilish uchun reja tuza boshlaganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, YeI Turkiya qonunchiligiga o‘zgartishlar kiritishni talab qilgani Erdo‘g‘onning e’tiroziga sabab bo‘ldi. U Turkiyani parlament respublikasidan prezidentlik respublikasiga aylantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar davom etishini bildirdi.
Kecha, 22-may kuni hukmron partiyaning navbatdan tashqari kongressida mamlakatning yangi bosh vaziri etib Binoli Yildirim saylandi.
Izoh (0)