Futbol bo‘yicha Rossiya Premyer-ligasining 2015/16-yilgi mavsumi chempionligi Moskvaning “SSKA” klubiga nasib qildi. So‘nggi turda Qozonda “Rubin”ni mag‘lub etgan “armiyachilar” uchun bu oltinchi chempionlik hisoblanadi.
“Rubin”ga qarshi o‘yinning 19-daqiqasida Alan Zagoyev tomonidan kiritilgan yagona gol “SSKA”ga oltinchi chempionlikni taqdim etdi. Ma’lumot uchun, Rossiya chempionligini eng ko‘p Moskvaning boshqa bir klubi “Spartak” qo‘lga kiritgan — 9 marta. Bu ko‘rsatkich “Zenit”da 4, “Lokomotiv” va “Rubin”da 2, “Alaniya”da esa 1 tani tashkil etadi.
“SSKA”ning g‘alabasidan keyin “Rostov” o‘z tarixida birinchi bor chempion bo‘lish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Qayd etish kerak, “Rostov” Rossiya chempionatida bunga qadar biror marta ham kuchli uchtalikka kirmagandi. So‘nggi turni Grozniyda o‘tkazib, “Terek” ustidan 2:0 hisobida zafar quchgan “Rostov” kelasi mavsumni Yevropa Chempionlar Ligasida o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi.
Yevropa Ligasi musobaqasida esa “Zenit”, “Krasnodar” va “Spartak” klublari to‘p suradi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov to‘p suradigan “Krasnodar” mavsumni 3-o‘rinda ham yakunlashi mumkin edi. Biroq “Zenit”ning Moskvada “Dinamo” ustidan 3:0 hisobida zafar quchishi bunga yo‘l qo‘ymadi. Shuningdek, “Dinamo” o‘z tarixida birinchi bor 1-divizionga tushib ketdi.
Odil Ahmedov jarohati sabab ishtirok eta olmagan so‘nggi turda “Krasnodar” o‘z maydonida “Amkar” ustidan 1:0 hisobida zafar quchdi.
Yevropa Ligasining so‘nggi yo‘llanmasi uchun Moskvaning “Spartak” va “Lokomotiv” klublari o‘zaro kurash olib bordi. So‘nggi turda “Spartak” safarda “Ufa”dan 0:2 hisobida yengildi. “Lokomotiv” esa o‘z maydonida “Mordoviya”ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Natijada poytaxt klublarining ochkosi tenglashdi. To‘plar nisbati “Lokomotiv”da 1 taga yaxshiroq bo‘lsada, “Spartak”da g‘alabalar soni 1 taga ko‘proq edi. Shu boisdan ham “Spartak” turnir jadvalida oldinroq pog‘onaga joylashdi.
2015/16-yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra “Dinamo” va “Mordoviya” klublari Premyer-ligani tark etdi.
Izoh (0)