Xalqaro o‘q otish federatsiyasi prezidentining qaroriga ko‘ra, o‘q otish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Vadim Skorovarov joriy yilning 5–21-avgust kunlari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarida qatnashish huquqini beruvchi yo‘llanmaga ega bo‘ldi. Bu haqda Xalqaro o‘q otish federatsiyasidan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga kelgan maktubda ma’lum qilindi, deb xabar beradi qo‘mita matbuot xizmati.
Vadim Skorovarov Kuvayt hamda Hindistonda bo‘lib o‘tgan hamda Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari o‘ynalgan Osiyo saralash musobaqalarida munosib ishtirok etib, VP-6 (pnevmatik miltiq) mashqida yuqori natijalarni qayd etgan edi. Shu bois, Xalqaro o‘q otish federatsiyasi Vadim Skorovarovga Olimpiada o‘yinlarida qatnashish huquqini beruvchi yo‘llanmani taqdim etishga qaror qilgan.
Shunday qilib, o‘zbekistonlik sportchilar tomonidan Olimpiada o‘yinlariga 11 ta sport federatsiyasining 14 ta sport turidan jami 51 ta yo‘llanma qo‘lga kiritildi. 51 ta Olimpiada yo‘llanmalari bo‘yicha 54 nafar o‘zbekistonlik sportchi Rio—2016 Olimpiadasida ishtirok etadi. Sitora Hamidova (yengil atletika) va Ra’noxon Amanova (suzish) ikkitadan yo‘llanmaga ega. Baydarka va kanoeda eshkak eshish hamda badiiy gimnastika sport turlarida o‘zbekistonlik sportchilar jamoaviy bahslarda qatnashadi.
Qayd etish joiz, Olimpiada o‘yinlari boshlanguniga qadar sportning bir qator turlari bo‘yicha yana bir nechta litsenzion musobaqalar o‘tkaziladi va Rio–2016 Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etadigan o‘zbekistonlik sportchilarning soni yanada kengayishi mumkin.
Izoh (0)