“Sevilya” jamoasi Yevropa Ligasi finalida “Liverpul” klubini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, bosh sovrin hamda kelasi mavsumda Yevropa Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqini ko‘lga kiritdi. Bu esa Ispaniyaning beshta klubi YeChL ishtirokchisiga aylanganini anglatadi, deb xabar bermoqda “Chempionat”.
Ispaniya chempionatining mos ravishda 1–3-o‘rin egalari — “Barselona”, “Real” va “Atletiko” klublariga YeChL turnirini guruh bosqichidan boshlash huquqi berilgan. Ular qatoriga “Sevilya” ham qo‘shildi. La Ligani to‘rtinchi o‘rinda yakunlagan “Vilyarreal” YeChLni pley-off bosqichidan boshlaydi.
2014/15-yilgi mavsumdan boshlab Yevropa Ligasi g‘olibiga Yevropa Chempionlar Ligasining kamida pley-off bosqichidan ishtirok etish huquqi berilgan. YeChLning bo‘lajak g‘olibi – “Atletiko” yoki “Real” Ispaniya chempionatida shunday o‘rin egallaganki, 2016/17-yilgi mavsumda YeChLni guruh bosqichidan boshlaydi. Shu sababli, “Sevilya” ham kelasi mavsumda Chempionlar Ligasidagi ishtirokini guruh bosqichidan boshlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Izoh (0)