Bortda sodir bo‘lgan portlash Misrning EgyptAir aviakompaniyasiga tegishli A320 avialaynerining halokatiga sabab bo‘lgani ehtimoli yuqori. Bu haqda, CNN’ga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Telekanalning AQSh rasmiylariga tayanib bildirishicha, halokat shart-sharoitlari bortda terakt sodir etilganini ko‘rsatmoqda.
Ilgariroq AQSh razvedkasi halokatning asosiy sababi sifatida teraktni ko‘rayotgani xabar qilingan edi. Bundan tashqari, Misr fuqarolik aviatsiyasi vaziri Sharif Fathiy terrorchilik hujumi aqlga kelayotgan birinchi ehtimol ekanligini tan olgandi.
Parijdan Qohiraga uchayotgan samolyot Gretsiya havo hududiga kirgandan 20 daqiqa o‘tib, radarlardan g‘oyib bo‘ldi. MS804 reysi bortida 56 nafar yo‘lovchi (ulardan uch nafari bola) va o‘n nafar ekipaj a’zosi bor edi. Ularning taqdiri hozircha noma’lum.
“Mayadin” telekanali, EgyptAir aviakompaniyasidagi manbasiga tayanib, samolyot O‘rta Yer dengiziga qulaganini bildirgandi.
Misr fuqarolik aviatsiyasi vazirligi EgyptAir kompaniyasining A320 samolyoti halokatga uchraganini rasman tasdiqladi.
Izoh (0)