2014-yil oxiri ko‘rsatkichlariga muvofiq, Rossiyadan ofshorlarga 1,3 trillion dollar miqdoridagi mablag‘ olib chiqib ketildi. AQShdagi Kolumbiya universiteti professori Jeyms Genrining hisob-kitoblari shunday natija bermoqda, deb xabar qiladi Forbes Guardian nashriga tayanib.
Umuman olganda, rivojlanayotgan davlatlardan ofshorlarga 12 trillion dollar olib chiqib ketilgani aytilmoqda. O‘z hisob-kitoblarida Genri Xalqaro valyuta jamg‘armasi va BMT taqdim etgan axborotga asoslanmoqda.
Xitoy fuqarolariga 1,2 trillion dollar tegishli. Professor, shuningdek, Malayziya, Tailand va Indoneziyada bu ko‘rsatkich ancha yuqori ekanligini qayd qildi.
Uning fikricha, pullarni ofshorga tikish nafaqat soliqlardan qochish, balki poraxo‘rlik va jinoyatchilikdan o‘zini himoya qilishga xizmat qiladi. Genri buni “Yulduzli janglar”dagi sahnalardan biriga qiyosladi:
“Bu ‘Yulduzli janglar’dagi bir sahnani eslatadi: bir tomondan, kimdir soliqdan qochadi, boshqa tomondan, qurol-yarog‘ sotuvchilari va poraxo‘rlar bor. Ayrimlar ofshorlardan pullarni yuvish va qalloblik yo‘lida foydalanadi”.
Ta’kidlanishicha, ofshor jamg‘armalari paydo bo‘lishining asosiy manbalari Nigeriya, Angola, Braziliya va Argentinadir. Tadqiqot muallifining fikricha, agarda ofshorlarda hech bo‘lmaganda 1 foizlik soliq joriy etilsa, mamlakatlar iqtisodiyoti yiliga 120 milliard dollar ola boshlaydi, bu esa xalqaro moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga ajratiladigan summaga (131 milliard dollar) deyarli tengdir. Ammo ofshor egalari birinchi galda o‘z boyliklaridan xavotir oladi va jahon iqtisodiyoti o‘sishiga xizmat qiladigan choralarni amalga oshirmaydi.
Izoh (0)