Bugun, 7-may kuni “Sergeli Arena” stadionida mashhur sport sharhlovchisi Davlat Turdialiyev xotirasiga bag‘ishlangan futbol turniri bo‘lib o‘tdi.
Xotira turniri o‘tkazish tashabbusi Davlat Turdialiyevni o‘ziga ustoz deb bilgan sport jurnalistlaridan chiqqan bo‘lib, uning futbol turnirida 4 ta jamoa: sharhlovchi o‘z vaqtida faoliyat olib borgan “Sport” va “Yoshlar” telekanali jamoalari, shuningdek, “Chempionat.asia” sayti hamda “Chempion plyus” gazetasi ishtirok etdi.
Xotira turnirida Davlat Turdialiyevning oila a’zolari qatorida, u kishi bilan birga faoliyat olib borgan hamkasblari, shogirdlari, futbol sharhlovchilari, sport jurnalistlari ishtirok etdi. Turnirning taqdirlash marosimida FIFA referisi Ravshan Ermatov hamda mashhur mutaxassis Mirjalol Qosimov ham qatnashdi.
Xotira turnirining kulminatsiyasi — u o‘tayotgan vaqtda Davlat Turdialiyevning nabirasi dunyoga kelgani bo‘ldi. Sharhlovchining o‘g‘li, ayni vaqtda “Sport” telekanalida faoliyat olib borayotgan Hasan Turdialiyevning mobil telefoniga futbol uchrashuvi vaqtida sms xabarnoma kelib, unda yosh sharhlovchi qiz farzandli bo‘lgani ma’lum qilingandi.
Ma’lumot uchun, Davlat Turdialiyev 2014-yilning 2-avgust kuni olamdan ko‘z yumgandi. Oradan bir yil o‘tib, 2015-yilning aynan 2-avgust kuni Turdialiyevlar sulolasining davomchisi bo‘lgan Hasan Turdialiyev oila qurgandi. Marhum sharhlovchi uchun atab o‘tkazilgan birinchi xotira turnirida esa uning qiz nabirasi dunyoga keldi.
Izoh (0)