Futbol bo‘yicha Germaniya Bundesligasida mavsum yakuniga 1 ta tur qolganida Myunxenning “Bavariya” klubi ketma-ket to‘rtinchi chempionlikni nishonladi.
“Bavariya” 33-turni safarda “Ingolshtadt” klubiga qarshi o‘tkazib, Robert Levandovskining dubli evaziga zafar quchdi va o‘z tarixida 26-bor Bundesliga oltin medallariga ega chiqdi.
Qayd etish kerak, bir tur avval “Bavariya” o‘z maydonida ochko yo‘qotib, “Allianz Arena”da chempionlikni tantana qilish imkoniyatini qo‘ldan boy bergandi.
Kelasi mavsumdan e’tiboran Angliyaning “Manchester Siti” klubini boshqaradigan Xosep Gvardiola boshqaruvida “Bavariya” ketma-ket uch bor Germaniya chempionligiga erishdi. Chempionlar Ligasining 2015/16-yilgi mavsumi yarim finalida “Atletiko” dovonidan o‘ta olmagan “Bavariya”, qatorasiga uch mavsum final ostonasida Ispaniya klublaridan yengilgan jamoaga aylandi.
Ma’lumot uchun, Bundesliga so‘nggi turidagi natijalar qanday bo‘lishiga qaramay, “Borussiya Dortmund” kumush, “Bayer” esa bronza medallari bilan taqdirlanadi.Bundesliganing so‘nggi turi Yevropa Chempionlar Ligasiga yo‘llanma beruvchi so‘nggi jamoa nomiga oydinlik kiritib beradi. Buning uchun 4 ta jamoa kurash olib bormoqda. Ular mos ravishda quyida keltirilganicha ochko jamg‘argan: “Borussiya Myonxengladbax” 52, “Maynts” 49, “Gerta” 49, “Shalke” 49.
Germaniya Bundesligasi 33-tur bellashuvlari 7-may, shanba
Izoh (0)