Oziq-ovqat va dori vositalari sifatini nazorat qilish bo‘yicha AQSh federal boshqarmasi tamaki mahsulotlarini tarqatish borasidagi tartibni qattiqlashtirdi, jumladan, 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga sigara, trubka va chilim tamakisi hamda elektron sigaretalar sotishni taqiqladi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Ekspertlarning fikricha, elektron sigaretalarning taqiqlanishi o‘smirlar orasida noroziliklarga sabab bo‘ladi, negaki aholining bu yosh qatlami allaqachon ularga chekishning zararsiz muqobili sifatida o‘rganib bo‘lgan.
“Har yili millionlab bolalar nikotin iste’moliga o‘rganadi va turli kimyoviy preparatlar tufayli nikotinga moyil bo‘lib qoladi. Biz tamaki moyilligidan butunlay mosuvo avlodni tarbiyalashda erishgan yutuqlarimizni xavf ostiga qo‘ya olmaymiz”, — dedi AQSh sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vaziri Silviya Metyuz Bervell, bu yangilikni izohlar ekan.
AQSh sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, mamlakatda o‘smirlar orasida elektron sigaretalardan foydalanish 2011-yilda 1,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2015-yilga kelib bu ko‘rsatkich 16 foizga tenglashdi.
Izoh (0)