Avstraliya politsiyachilari adashuv tufayli qo‘lga kiritilgan 4,6 million dollarni qaytarishdan bosh tortgandan so‘ng mamlakatni tark etishga harakat qilgan sidneylik ayolni qo‘lga oldi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
2012-yilda Yangi Janubiy Uels shtati poytaxti Sidney yaqinida yashovchi 21 yoshli ayolning hisob raqamiga adashib, yirik miqdordagi mablag‘ — 4,6 million dollar o‘tkazilgandi. Shundan beri oradan to‘rt yil o‘tdi, biroq ayol pullarni qaytarmadi. 4-may, chorshanbaga o‘tar kechasi Sidney xalqaro aeroportida mamlakat federal politsiyasi Malayziyaga uchib ketmoqchi bo‘lgan ayolni hibsga oldi.
2016-yil martida politsiya o‘tkazilgan tekshiruvlardan so‘ng uni qamoqqa olishga order berdi. Ayol aldov yo‘li bilan noqonuniy boyish va pul olishni yashirganlikda ayblanmoqda. Uni garov evaziga qo‘yib yuborish rad etildi, ayolning kelgusi taqdiri 5-may, payshanba kuni mahalliy sudda hal etiladi.