AQSh prezidenti Barak Obama Amerika qanday qilib jahon savdosida o‘z qoidalarini o‘tkazishi lozimligini ma’lum qildi. Bu haqda, prezidentning The Washington Post gazetasida chop etilgan maqolasiga tayanib, “Interfaks” xabar beradi.
Maqola jahon iqtisodiyotining 40 foizini ifodalovchi 12 ta davlatni o‘z ichiga olgan Trans-Tinch okeani hamkorligi tashkilotini rivojlantirishga bag‘ishlangan.
Obama tashkilot faoliyati doirasida Amerika mahsulotlari uchun 18 mingdan ortiq soliq va yig‘imni bekor qilishga erishilganligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga qaraganda, Amerika xususiy kompaniyalari tashkilot tarkibidagi mamlakatlarga ularda ishlab chiqarilayotgandan ko‘proq mahsulot eksport qiladi.
O‘z navbatida, Amerika xususiy kompaniyalarining ustunlik qilishi Xitoy kabi mamlakatlarning davlat korporatsiyalariga qarshi turishiga yordam beradi.
“Dunyo o‘zgardi. U bilan birga qoidalar ham o‘zgardi. Ularni esa Xitoy kabi davlatlar emas, AQSh yozishi lozim”, — deb yozdi Obama.
Ma’lumot uchun, Trans-Tinch okeani hamkorligi tashkilotiga Avstraliya, Bruney, Kanada, Chili, Yaponiya, Malayziya, Meksika, Yangi Zelandiya, Peru, Singapur, AQSh va Vyetnam kiradi.
Izoh (0)