Ispaniya 20-aprel kuni Ekvadorning zilziladan aziyat chekkan fuqarolari uchun 13 tonna gumanitar yordam jo‘natdi. Bu haqda, qirollik tashqi ishlar vazirligi bayonotiga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Ispaniyaning xalqaro hamkorlik agentligi maxsus samolyot yollab, unga gumanitar yordamni yukladi. Samolyot Madriddagi Torrexon aviabazasidan uchib chiqdi.
Samolyot Ekvador poytaxti Kitoga 21-aprel kuni ertalab yetib kelishi aytilmoqda.
Gumanitar yuk 18 ming kishining ehtiyojini qondirishi mumkin bo‘lgan suv ta’minoti uskunasini, qurilish materiallarini, dori vositalarini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, Ekvadorning tabiiy ofatdan aziyat chekkan qismlariga qidiruv-qutqaruv tadbirlarida ishtirok etish uchun 60 kishi va itlar yuborildi.
16-aprel kuni Ekvadorda 7,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Uning markazi Muisne aholi punktidan 28 kilometr janubi-sharqda, o‘chog‘i 20,2 kilometr chuqurlikda joylashgani aytildi. Tabiiy ofat oqibatida ko‘p qavatli mehmonxonalar, restoranlar va turar-joy binolari qulab ketdi.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila qurbonlari soni 525 kishiga yetdi.
Izoh (0)